Oʻzbekiston va Yaponiya sud-huquq sohasidagi hamkorlikni muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Yaponiya sud-huquq sohasidagi hamkorlikni muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 27-noyabr kuni Adliya vazirligi boshchiligidagi delegatsiyaning ma’muriy tartib-taomillar va davlat boshqaruvining huquqiy asoslarini takomillashtirish borasidagi hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Yaponiyaga uyushtirilgan tashrifi doirasida Tokio shahrida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda delegatsiya a’zolari Yaponiya parlamenti a’zosi Keysuke Suzuki bilan muloqot qildilar.
Uchrashuv davomida Keysuke Suzuki 2025-yilning may oyida Yaponiya adliya vaziri sifatida faoliyat yuritgan davrida O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi haqida to‘xtalib, tashrif doirasida erishilgan natija va kelishuvlarni yuksak baholadi.
U ikki davlat o‘rtasida shakllanib borayotgan konstruktiv muloqot va amaliy hamkorlikni yanada kuchaytirish tarafdori ekanini ta’kidladi.
Muloqot davomida tomonlar ma’muriy tartib-taomillarni takomillashtirish, huquqni qo‘llash amaliyotida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, qonunchilikni raqamlashtirish, davlat xizmatlarining shaffofligi va samaradorligini oshirish kabi qator dolzarb yo‘nalishlarda o‘zaro tajriba almashish masalalarini muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi huquqiy sohadagi do‘stona hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.