Oʻzbekiston va Xitoy baliqchilik sohasida hamkorlikni mustahkamlamoqda

Oʻzbekiston va Xitoy baliqchilik sohasida hamkorlikni mustahkamlamoqda

Oʻzbekiston va Xitoy baliqchilik sohasida hamkorlikni mustahkamlamoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazida qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Akmal Qosimov hamda Xitoyning "Dalian Ocean" universiteti vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot avvalida bugungi kunda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari tobora mustahkamlanib borayotgani, ayniqsa qishloq xo‘jaligi sohasida bu jarayon yanada jadallashgani alohida ta’kidlandi.

Tomonlar ushbu ijobiy dinamika kelgusida yangi loyihalar va tashabbuslar uchun mustahkam zamin yaratishini qayd etdi.

Uchrashuv davomida baliqchilik yo‘nalishida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokamalarning asosiy yo‘nalishiga aylandi. Xususan, qo‘shma ta’lim dasturlarini tashkil etish, mutaxassislar tayyorlash tizimini takomillashtirish, ilmiy-amaliy tajriba almashuvini kengaytirish yuzasidan aniq takliflar ilgari surildi.

Shu bilan birga, qurg‘oqchil hududlarda baliq yetishtirish bo‘yicha innovatsion yondashuvlarni joriy etish, malaka oshirish kurslarini tashkil etish va soha mutaxassislarini tayyorlash mexanizmlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Ta’kidlash joizki, mazkur tashabbuslar mamlakatimizda akvakultura sohasini rivojlantirish, suv resurslaridan samarali foydalanish hamda yangi iqtisodiy imkoniyatlarni yuzaga chiqarishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Uchrashuvda Akmal Qosimov vazirlik vakolatlari doirasida ushbu loyihalarni amalga oshirishda har tomonlama ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi. Bu esa tomonlar o‘rtasidagi ishonchli hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan muhim signal sifatida baholandi.

Muzokaralar yakunida tomonlar kelgusida aniq takliflar ishlab chiqish, amaliy loyihalarni bosqichma-bosqich amalga oshirish hamda o‘zaro hamkorlikni izchil rivojlantirishga kelishib oldi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling