Valyuta kurslari 23/10/2025
$1 – 12101.29
UZS – 0,75%
€1 – 14031.45
UZS – 0,53%
₽1 – 148.01
UZS – -0,05%
Qidirish
Oʻzbekiston va Xalqaro valyuta jamgʻarmasi makroiqtisodiy barqarorlik va davlat moliyasini boshqarish islohotlarini muhokama qilishdi

Oʻzbekiston va Xalqaro valyuta jamgʻarmasi makroiqtisodiy barqarorlik va davlat moliyasini boshqarish islohotlarini muhokama qilishdi

Oʻzbekiston va Xalqaro valyuta jamgʻarmasi makroiqtisodiy barqarorlik va davlat moliyasini boshqarish islohotlarini muhokama qilishdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 16-oktabr kuni Jahon banki guruhi va Xalqaro valyuta jamg‘armasining (XVJ) yillik yig‘ilishlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda XVJning Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo departamenti direktori Jihad Azur o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda XVJ va O‘zbekiston tomonining vakillari, jumladan, XVJ Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo departamenti direktor o‘rinbosari, O‘zbekiston bo‘yicha vakil Afanasios Arvanitis, XVJning O‘zbekiston bo‘yicha missiya rahbari Yassir Abdih, O‘zbekiston Markaziy banki raisi Timur Ishmetov hamda Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ilhomjon Umrzakov hamda boshqa mas’ul shaxslar ishtirok etdi.

Muloqot davomida tomonlar O‘zbekistonning joriy makroiqtisodiy holati va o‘rta muddatli istiqbollari yuzasidan fikr almashdi. Muhokamalarda 2025-yilgi IV modda doirasidagi maslahatlashuvlar natijalari, fiskal intizomni mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar hamda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan tavsiyalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, 2025–2030-yillarga mo‘ljallangan Davlat moliyasini boshqarish islohoti strategiyasini ilgari surish bo‘yicha sa’y-harakatlarga alohida e’tibor qaratildi.

Tomonlar iqtisodiy boshqaruv va davlat moliyasida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish kabi istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini ham muhokama qildi.

Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston Respublikasi va XVJ o‘rtasidagi konstruktiv hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga o‘zaro tayyorligini bildirdi. Makroiqtisodiy barqarorlikni saqlash, institutsional salohiyatni kuchaytirish hamda ochiq va raqobatbardosh iqtisodiyotni rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi. Shuningdek, barqaror va inklyuziv o‘sishga xizmat qiluvchi asosiy islohotlar yo‘nalishida muntazam muloqotni davom ettirishga kelishib olindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling