Oʻzbekiston va Xalqaro moliya korporatsiyasi elektromobillar va yashil texnologiyalar sohalarini rivojlantirishni jadallashtirmoqda
Oʻzbekiston va Xalqaro moliya korporatsiyasi elektromobillar va yashil texnologiyalar sohalarini rivojlantirishni jadallashtirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 11-dekabr kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi Sanoat siyosatini amalga oshirish departamenti vakillari Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Delegatsiyaga XMKning O‘zbekistondagi “Yashil binolar” va elektromobil sektori rivoji bo‘yicha maslahat loyihalariga rahbarlik qiluvchi Sakshi Varma boshchilik qildi.
Uchrashuv Jahon banki guruhiga kiruvchi XMK va O‘zbekiston o‘rtasida 2024-yil 23-oktabrda imzolangan hamkorlik bitimi doirasida olib borilayotgan amaliy ishlarni muhokama qilishga bag‘ishlandi.
Muloqot chog‘ida tomonlar O‘zbekistonda elektromobil sektorini rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish jarayonlari yuzasidan fikr almashdi. Shuningdek, elektr transport vositalari bozorini shakllantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar imkoniyatlarini kengaytirish va iste’molchilar uchun qulay sharoit yaratish bo‘yicha XMK takliflari ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, zaryadlash stansiyalari tarmog‘ini kengaytirish uchun yer ajratish jarayonlarini soddalashtirish va ularning samaradorligini oshirish, elektromobil infratuzilmasi rivojida xususiy sektor ishtirokini kuchaytirish, investitsiyalarni jalb qilish va tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
XMK vakillari O‘zbekistonning “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Elektromobil sektori mamlakatda ekologik barqarorlik va energiya samaradorligini oshirishda asosiy yo‘nalishlardan biri ekani qayd etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar “yo‘l xaritasi”ni amaliy bosqichga o‘tkazish, tartibga soluvchi hujjatlarni takomillashtirish, texnik regulyatsiyalarni xalqaro standartlarga moslashtirish, yangi investitsion loyihalarni tayyorlash bo‘yicha yaqin hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.