Valyuta kurslari 27/10/2025
$1 – 12117.35
UZS – -0,1%
€1 – 14069.46
UZS – 0,06%
₽1 – 149.49
UZS – 0,21%
Qidirish
Oʻzbekiston va Vetnam parlamentlararo aloqalarni mustahkamlamoqda

Oʻzbekiston va Vetnam parlamentlararo aloqalarni mustahkamlamoqda

Oʻzbekiston va Vetnam parlamentlararo aloqalarni mustahkamlamoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov boshchiligidagi delegatsiyaning Xanoy shahriga tashrifi doirasida Vetnam Milliy majlisi Raisi Chan Txan Man bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston — Vetnam munosabatlarining hozirgi holati va uni rivojlantirish istiqbollari, xususan parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

So‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik faollashgani, muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi samarali muloqotlar O‘zbekiston — Vetnam hamkorligini barcha – siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda izchil rivojlantirishga kuchli turtki bergani alohida qayd etildi.

Qonunchilik palatasi Spikeri Vetnam tomoniga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijalari, quyi palataning faoliyati, qonun ijodkorligi va parlament nazorati, parlamentlararo hamkorlik sohasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berib o‘tdi.

O‘z navbatida, Chan Txan Man O‘zbekistonning dunyo hamjamiyati bilan samarali va ochiq tashqi siyosatini yuqori baholab, ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishda muhim omil bo‘lgan parlamentlararo hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash har tomonlama foydali ekanini ta’kidladi.

Suhbat davomida ushbu yo‘nalishdagi muloqotlarni ko‘paytirish, oliy va yuqori darajada erishilgan kelishuvlar ustidan parlament nazoratini ta’minlash, do‘stlik guruhlari imkoniyatlaridan samarali foydalanish va qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish lozimligi urg‘ulandi.

Tomonlar shuningdek, O‘zbekiston bilan Vetnam o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar, eng avvalo, mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish, logistika va turizm sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligini ta’kidladilar.

Uchrashuv do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling