Oʻzbekiston va Vengriya Sirdaryoda “aqlli hudud” modelini joriy etish masalasini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Vengriya Sirdaryoda “aqlli hudud” modelini joriy etish masalasini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Sirdaryo viloyatiga tashrifi doirasida berilgan topshiriqlari ijrosi yuzasidan O'zbekiston Ishchi guruhi a'zolari Vengriya davlat boshqaruvi va hududiy rivojlanish vazirligi vakillari bilan uchrashdilar.
Unda joriy yilning 2-5-dekabr kunlari vazir Tibor Navrachich boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi doirasida davlat boshqaruvi, hududlarni rivojlantirish, raqamli texnologiyalar, mahalliy boshqaruv va barqaror rivojlanish sohalarida o‘zaro tajriba almashish masalalari hamda kelgusi hamkorlik istiqbollari belgilab olingani ta'kidlandi va bir qator masalalar ko'rib chiqildi.
Jumladan: Sirdaryo viloyati Xovos tumanida Vengriya Davlat boshqaruvi va hududiy rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda “ZalaZONE” modeli asosida “aqlli hudud” pilot loyihasini amalga oshirish maqsadida doimiy faoliyat yurituvchi Qo'shma ishchi guruh tuzildi.
Vengriyaning mahalliy boshqaruvdagi “LEADER” modeli, jamoatchilikni qaror qabul qilishda jalb etish mexanizmlari, ochiq ma’lumotlar tizimlari va raqamli boshqaruv platformalari sohasidagi tajriba almashish;
Viloyat va tumanlarni obyektiv baholash hamda investitsiya yo‘naltirishni samarali amalga oshirish maqsadida, Vengriyaning “Regional Competitiveness Index” metodikasini adaptatsiya qilish asosida hududiy rivojlanish indeksini yaratish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Vengriya Davlat boshqaruvi va hududiy rivojlanish vazirligi tizimida faoliyat yurituvchi Davlat xizmatlari markazi – Government windows ofisi faoliyati o'rganildi.
Markaz 2011 yildan buyon "yagona darcha" tamoyili asosida fuqarolarga turli ma'muriy xizmatlarni bir tashrif bilan hal qilish imkonini beruvchi xizmat ko'rsatish punktidir.
Bugungi kunda mamlakatning 249 munitsipalitetida 305 ta qayd etilgan ofislar joylashgan bo'lib, 2 500dan ortiq turdagi xizmatlarni taqdim etadi. Aholiga xizmatlarni yaqinlashtirish maqsadida mobil ofislar "Government window buses" loyihalari ham amalga oshirilgan.
Ügyfélkapu+ elektron hukumat portali orqali masofadan turib davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratilgan.