Oʻzbekiston va Vengriya IT sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Vengriyaning yirik telekommunikatsiya va IT yechimlari ishlab chiquvchisi — 4iG kompaniyasi rаhbаri Gillert Yasay bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasida raqamli iqtisodiyot, IT outsourcing, telekommunikatsiya infratuzilmasi hamda ma’lumotlar markazlarini rivojlantirish sohalarida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar Budapesht shahrida o‘tkazishi rejalashtirilayotgan “Uzbekistan Outsourcing Conference” tadbirining ahamiyatini alohida ta’kidlab, uni O‘zbekiston IT sohasini Yevropa biznes hamjamiyatiga tanishtirish uchun muhim maydon sifatida baholadilar.
Suhbat chog‘ida data-markazlar barpo etish, yashil energiya asosida ishlaydigan infratuzilma yaratish, kadrlar tayyorlash va soliq imtiyozlari masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, 4iG vakillari O‘zbekistonning qulay investitsiya muhiti, ortiqcha energiya zaxiralaridan oqilona foydalanish va sun’iy intellekt rivojida data-markazlarning o‘rni bo‘yicha fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va Yevropa kompaniyalarini O‘zbekiston IT ekotizimiga jalb etish borasida kelishib oldilar.