Oʻzbekiston va TÜGİAD farmatsevtika sanoatini rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va TÜGİAD farmatsevtika sanoatini rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov hamda Turkiya yosh tadbirkorlar assotsiatsiyasi TÜGİAD (Türkiye Genç İş İnsanları Derneği) delegatsiyasi vakillari bilan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekistonda farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha investitsion imkoniyatlarni muhokama qildi.
Jumladan, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda sanoat kooperatsiyasini kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, mamlakatning investitsion salohiyati, xususan, "Bio Pharma City" farmatsevtika klasteri loyihasi doirasida yaratilgan imkoniyatlar, shuningdek, xorijiy investorlar uchun taqdim etilayotgan soliq va tartibga solish bo‘yicha imtiyozlar taqdimoti o‘tkazildi.
Muzokaralar chog‘ida turk tadbirkorlari O‘zbekiston bozorida o‘z faoliyatini kengaytirishga qiziqish bildirdilar. Xususan, LUK Botanik kompaniyasi yuqori sifatli o‘simlik ekstraktlari va farmatsevtika, nutritsevtika hamda kosmetika sohalari uchun faol ingrediyentlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgani qayd etildi.
Kompaniya GMP standartlari asosida ish yuritib, superkritik flyuidli ekstraksiya (SFE) kabi ilg‘or texnologiyalarni qo‘llamoqda hamda ilmiy-tadqiqot faoliyatini faol rivojlantirmoqda.
Uchrashuv yakunida tomonlar farmatsevtika sohasida ishlab chiqarish, texnologiyalar transferi va investitsiyalar yo‘nalishidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali hamkorlikni yana-da rivojlantirishga o‘zaro tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.