Oʻzbekiston va Turkmaniston farmatsevtika sanoatida hamkorlik shartnomasini imzoladilar
Oʻzbekiston va Turkmaniston farmatsevtika sanoatida hamkorlik shartnomasini imzoladilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda Farmatsevtika texnik universiteti Turkmanistonning “Altyn Kanun” tashkiloti bilan farmatsevtika sohasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzoladi.
Mazkur kelishuv ikki davlat hududida ishlab chiqariladigan farmatsevtika mahsulotlarini xarid qilish, sotish, eksport va import qilish yo‘nalishlarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi.
Bu esa farmatsevtika bozorlarini kengaytirish, mahsulotlar ayirboshlash hajmini oshirish hamda o‘zaro iqtisodiy aloqalarni yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, kelishuv doirasida tibbiy taʼlim va kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilgan.
Xususan, Turkmaniston fuqarolarini O‘zbekistondagi Farmatsevtika texnik universitetida professional taʼlim olishga yo‘naltirish rejalashtirilgan.
Ushbu kelishuv ikki davlat o‘rtasida farmatsevtika hamda tibbiy taʼlim sohalaridagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi, ilmiy-amaliy tajriba almashinuvini kengaytirishi va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga xizmat qilishi kutilmoqda.