Oʻzbekiston va Turkiyaning Aksa Energy kompaniyalari energetika sohasida strategik hamkorlikni mustahkamlashga intiladi
Oʻzbekiston va Turkiyaning Aksa Energy kompaniyalari energetika sohasida strategik hamkorlikni mustahkamlashga intiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 28-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Turkiyaning “Aksa Energy” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi va bosh direktori Jamil Kazanji bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston energetika sohasini rivojlantirish, mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilish hamda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar mamlakatda energetika infratuzilmasini mustahkamlash, elektr energiyasi ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlash va sohada ilg‘or texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha hamkorlikning hozirgi holati va kelgusidagi yo‘nalishlarini muhokama qildi.
“Aksa Energy” kompaniyasining O‘zbekistonda amalga oshirilgan loyihalari mamlakat energetika tizimini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shayotgani qayd etildi. Kompaniyaning biogaz, tabiiy gaz, shamol, suv va boshqa manbalarga asoslangan elektr stansiyalarini loyihalashtirish va qurish borasidagi xalqaro tajribasi yuqori baholandi.
Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekistonning energetika sohasida investitsiyalar uchun qulay shart-sharoitlari, huquqiy va institutsional islohotlar natijalari hamda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi. Tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil davom ettirish, istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirishga qiziqish bildirdi.
Uchrashuv yakunida “Aksa Energy” bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, energetika sohasida uzoq muddatli sheriklikni mustahkamlash muhimligi ta’kidlandi.