Valyuta kurslari 20/01/2026
$1 – 12051.71
UZS – 0,74%
€1 – 14008.91
UZS – 0,87%
₽1 – 154.69
UZS – 0,49%
Qidirish
Oʻzbekiston va Turkiya tashqi ishlar vazirlari Anqarada boʻlib oʻtgan uchrashuvda strategik sheriklikni chuqurlashtirish masalalarini muhokama qilishdi

Oʻzbekiston va Turkiya tashqi ishlar vazirlari Anqarada boʻlib oʻtgan uchrashuvda strategik sheriklikni chuqurlashtirish masalalarini muhokama qilishdi

Oʻzbekiston va Turkiya tashqi ishlar vazirlari Anqarada boʻlib oʻtgan uchrashuvda strategik sheriklikni chuqurlashtirish masalalarini muhokama qilishdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2026-yil 20-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va Turkiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan raisligida Anqara shahrida Qo‘shma strategik rejalashtirish guruhining 4-yig‘ilishi o‘tkazildi.

Uchrashuv davomida vazirlar umumiy tarix, til va madaniyatni qardoshlik ruhidagi hamkorlikning asosi sifatida qayd etib, ikki mamlakat o‘rtasidagi Keng qamrovli strategik sheriklik doirasida ko‘p qirrali o‘zbek-turk hamkorligini yanada chuqurlashtirish bo‘yicha qat’iyligini tasdiqladilar.

Tashqi ishlar vazirlari Baxtiyor Saidov va Hakan Fidan savdo va investitsiyalar, energetika xavfsizligi, mintaqaviy bog‘liqlik, terrorizm va boshqa transmilliy tahdidlarga qarshi kurashish, mudofaa sanoati, madaniyat, atrof-muhit, ta’lim va turizm kabi keng yo‘nalishlarda O‘zbekiston–Turkiya munosabatlarini yanada mustahkamlash yo‘llarini muhokama qildilar.

Vazirlar 2025-yil noyabr oyida Samarqand shahrida O‘zbekiston mezbonligida o‘tkazilgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti (YUNESKO) Bosh konferensiyasi 43-sessiyasi doirasida 15-dekabr sanasini Butunjahon turkiy tillar oilasi kuni deb e’lon qilinishi katta ramziy ahamiyatga ega ekanini qayd etdilar.

Tashqi ishlar vazirlari “4+4” mexanizmi ikki mamlakat o‘rtasidagi xavfsizlik, harbiy hamkorlik, razvedka va tashqi siyosat sohalarida o‘ziga xos hamkorlik platformasi ekanini qayd etdilar. Anqarada O‘zbekiston va Turkiya tashqi ishlar, ichki ishlar va mudofaa vazirlari hamda xavfsizlik xizmatlari rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan “4+4” mexanizmi yig‘ilishi natijalaridan mamnun ekanliklarini bildirdilar va uchrashuvda imzolangan yangilangan Harakatlar rejasini amalga oshirishga alohida e’tibor berilishini ta’kidladilar.

Vazirlar Qo‘shma iqtisodiy komissiyaning 8-yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha qabul qilingan Harakatlar rejasining ijrosida erishilgan ijobiy siljishlarni mamnuniyat bilan qayd etib, Komissiya yig‘ilishlarini ikki mamlakat o‘rtasidagi aniq savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishning asosiy mexanizmi sifatida baholadilar.

Tashqi ishlar vazirlari Transkaspiy Sharq–G‘arb O‘rta yo‘lagi Markaziy Osiyoni Turkiya orqali xalqaro bozorlarga bog‘lovchi barqaror va ishonchli transport hamda energetika yo‘nalishi sifatidagi ahamiyatini ta’kidlab, O‘rta yo‘lak infratuzilmasida “Boku–Tbilisi–Kars” temiryo‘l liniyasining muhim rolini qayd etdilar. Shu bilan birga, 2025-yil 29-yanvarda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston, Turkiya va Ozarbayjon tashqi ishlar, savdo/iqtisodiyot hamda transport/infratuzilma vazirlarining Ikkinchi uch tomonlama uchrashuvi yakunlari bo‘yicha qabul qilingan Ankara deklaratsiyasining ijrosida erishilgan yutuqlarni mamnuniyat bilan e’tirof etdilar. Mazkur mexanizmning amaliy ahamiyatini alohida ta’kidlab, vazirlar ushbu formatdagi uch tomonlama hamkorlikni davom ettirishga qat’iy sodiqliklarini bildirdilar.

Turk dunyosini mustahkamlash borasidagi qat’iyatlarini uning eng muhim hamkorlik maydoni — Turkiy davlatlar tashkiloti, shuningdek boshqa turkiy hamkorlik tuzilmalari orqali davom ettirishlarini tasdiqladilar.

Turkiy davlatlar tashkiloti va turkiy hamkorlik tashkilotlari doirasida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qo‘shma sa’y-harakatlarni mamnuniyat bilan qayd etib, a’zo davlatlar va kuzatuvchilar o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy, huquqiy hamda gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashlarini tasdiqladilar.

Turkiy davlatlar tashkilotidan tashqari, vazirlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT), Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT), Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (OHICHK), Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) va Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) kabi xalqaro va mintaqaviy platformalarda hamkorlikni yanada chuqurlashtirish istagini tasdiqladilar.

Vazirlar imkon qadar turli xalqaro lavozimlarga nomzodlar borasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash amaliyotini davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

Uchrashuvda Afg‘oniston, G‘azo, Ukraina va Suriya kabi mintaqaviy va xalqaro masalalar bo‘yicha fikr almashildi.

Vazirlar yuqori darajadagi tashriflar muntazamligidan mamnun ekanliklarini bildirib, bunday tashriflar hamkorlikni turli sohalarda chuqurlashtirishini ta’kidladilar va ushbu ijobiy dinamikani saqlab qolishga sodiqliklarini bildirdilar.

Qo‘shma strategik rejalashtirish guruhi yig‘ilishi O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlari hamraisligida Anqarada o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining 4-yig‘ilishiga tayyorgarlik masalalarini muhokama qilish uchun muhim imkoniyat bo‘ldi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling