Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida oliy taʼlim sohasidagi hamkorlik yanada mustahkamlanmoqda
Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida oliy taʼlim sohasidagi hamkorlik yanada mustahkamlanmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2026-yil 28-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov, Turkiya Respublikasi Oliy taʼlim kengashi raisi Erol Oʻzvar bilan Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar sohasi rahbariyati oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv avvalida tomonlar Oʻzbekiston–Turkiya munosabatlari soʻnggi yillarda keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga koʻtarilganini, jumladan, oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar sohalaridagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini alohida taʼkidladilar.
Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻanning taklifiga binoan 29-yanvar kuni Turkiya Respublikasiga amalga oshiradigan rasmiy tashrifi ikki tomonlama hamkorlikni, jumladan, oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar sohalaridagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etishi alohida qayd etildi.
Uchrashuv davomida oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikning mavjud huquqiy asoslari, jumladan, ikki mamlakat hukumatlari oʻrtasida ilm-fan salohiyati, muhandislik ishlanmalari va yuqori texnologiyalar sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim hamda sohaviy idoralar oʻrtasida imzolangan anglashuv memorandumlari ijrosi muhokama qilindi.
Shuningdek, 2022–2024-yillarda Izmir, Samarqand va Istanbul shaharlarida oʻtkazilgan Oʻzbekiston–Turkiya taʼlim forumlari natijalari, ular doirasida oʻrnatilgan oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari tahlil qilindi.
Ayni paytda qoʻshma taʼlim dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud yutuqlar va kelgusida ushbu yoʻnalishni yanada kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuvda Turkiy davlatlar xalqaro universitetini tashkil etish loyihasining amaliy bosqichlari muhokama qilinib, uning faoliyatini toʻliq yoʻlga qoʻyish maqsadida professor-oʻqituvchilarni jalb etish, elektron taʼlim resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish kabi masalalar yuzasidan Turkiya tomonining koʻmagi muhim ekani qayd etildi.
Bundan tashqari, Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzurida Yunus Emre instituti madaniyat markazi filialini tashkil etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan fikr almashildi hamda ushbu loyihaning ikki mamlakat oʻrtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlashdagi ahamiyati taʼkidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar oliy taʼlim sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, qoʻshma taʼlim va ilmiy loyihalarni kengaytirish hamda mavjud tashabbuslarni samarali amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.