Oʻzbekiston va Tunis savdo va investitsiya hamkorligini kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Tunis savdo va investitsiya hamkorligini kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 12-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri L.Kudratov Tunis Respublikasi delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Delegatsiyaga Qurilish va jamoat ishlari sohasidagi tadbirkorlar milliy federatsiyasi prezidenti Jamol Ksibi boshchilik qildi. Tashrifdan ko‘zlangan maqsad ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuv davomida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning bugungi holati hamda istiqbollari ko‘rib chiqildi. Ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni faollashtirish va qo‘shma loyihalarni ilgari surish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston tomoni mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar hamda xorijiy hamkorlar uchun ochiq bo‘lgan loyihalar portfeli haqida ma’lumot taqdim etdi. Infratuzilma, qurilish, sanoat va agro-sanoat majmuasida hamkorlik qilish imkoniyatlari qayd etildi.
Tunis delegatsiyasi infratuzilmani modernizatsiya qilish jarayonlarida ishtirok etish hamda ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga qiziqish bildirdi.
Uchrashuv yakunida ilgari surilgan tashabbuslarni hayotga tatbiq etish va uzoq muddatli sheriklikni rivojlantirishga o‘zaro tayyorlik bildirildi.