Oʻzbekiston va TAQA Water Solutions suv taʼminoti sohasida qoʻshma infratuzilma loyihalari istiqbollarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va TAQA Water Solutions suv taʼminoti sohasida qoʻshma infratuzilma loyihalari istiqbollarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 19-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov TAQA Water Solutions kompaniyasining bosh direktori Ahmad Al-Shamsi bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida tomonlar suv ta’minoti va oqova suvlarni boshqarish sohasida qo‘shma infratuzilma tashabbuslarini amalga oshirishning joriy holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.
Muhokamalar amaliy hamkorlik masalalari, loyihalarni yanada puxta ishlab chiqish parametrlari hamda tegishli tuzilmalar faoliyatini muvofiqlashtirishga qaratildi.
Vazir O‘zbekistonning suv resurslarini barqaror boshqarish sohasida xalqaro tajriba va ilg‘or yechimlarni jalb etishga intilishini ta’kidladi.
Shuningdek, yirik infratuzilmaviy loyihalarini amalga oshirishda shaffof va iqtisodiy jihatdan asoslangan yondashuvlarning muhimligiga alohida e’tibor qaratildi. Milliy standartlarga rioya etish hamda barcha tomonlar manfaatlari muvozanatini ta’minlash zarurligi qayd etildi.
O‘z navbatida, TAQA Water Solutions rahbari konstruktiv muloqotga, kompaniya muhokama qilingan tashabbuslarni amaliyotga tatbiq etishga va birgalikda ishlashni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni rivojlantirishga va samarali muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.