Oʻzbekiston va Sinohydro gidroelektrostansiyalarni modernizatsiya qilish boʻyicha hamkorlikni kengaytirmoqda
Oʻzbekiston va Sinohydro gidroelektrostansiyalarni modernizatsiya qilish boʻyicha hamkorlikni kengaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekgidroenergo” AJda gidroenergetika sohasida muhim qadam sifatida GESlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha yangi kelishuvlarga imzo chekildi.
Mazkur marosimda Xitoyning yirik xalqaro injiniring kompaniyasi Sinohydro Co., Ltd. va “O‘zbekgidroenergo” AJ o‘rtasida strategik hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan shartnomalar imzolandi.
O‘tkazilgan ochiq va shaffof tender jarayonlari yakunlariga ko‘ra, belgilangan barcha texnik hamda sifat mezonlariga to‘liq javob bergan, sohada boy tajribaga ega bo‘lgan Xitoy Xalq Respublikasining nufuzli kompaniyasi – Sinohydro Co., Ltd. tender g‘olibi sifatida e’tirof etildi.
Kelishuvga muvofiq, Andijon viloyatidagi Shahrixon GESlar kaskadi – GES-5A va GES-6Ani modernizatsiya qilish loyihasi EPC shartlari (“pod klyuch” – “tayyor holatda topshirish”) asosida amalga oshiriladi.
Imzolangan kelishuv loyihani tayyor holda topshirish tamoyili asosida amalga oshirishni nazarda tutadi. Ya’ni, loyiha doirasida loyihalashtirish ishlari, qurilish, texnologik uskunalar va jihozlarni yetkazib berish hamda obyektlarni ishga tushirish to‘liq amalga oshiriladi. Bu esa, GESlarning ishlab chiqarish quvvatini va umumiy samaradorligini sezilarli ravishda oshirish, texnologiya va boshqaruv tizimlarini zamonaviylashtirish hamda energetika obyektlarining barqarorligini ta’minlash imkonini yaratadi.
Jumladan, ushbu gidroelektr stansiyalar modernizatsiya qilinishi natijasida amaldagi umumiy 7,6 MVt quvvat 16,4 MVt ga yetkazilib, qo‘shimcha 7,8 MVt quvvat yaratilishiga va yiliga qo‘shimcha 33 mln. kVt.soat elektr energiya ishlab chiqarilishiga erishiladi. Natijada yiliga 13 mingdan ortiq xonadon elektr energiya bilan ta’minlanib, 11 mln m3 tabiiy gaz va 27,5 ming tonnadan ortiq ko‘mir tejaladi.
Mazkur loyiha ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash, O‘zbekiston gidroenergetika tizimida innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish va zamonaviy xalqaro standartlarni tatbiq etishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, GESlarni modernizatsiya qilish orqali mintaqaviy energetika xavfsizligini mustahkamlash, ekologik toza energiya ishlab chiqarish va barqaror energiya ta’minotini ta’minlash imkoniyati yaratiladi.
“O‘zbekgidroenergo” AJ va “Sinohydro”ning o‘zaro hamkorligi gidroenergetika sohasida strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqadi va kelgusida yirik investitsiya loyihalari hamda innovatsion texnologik imkoniyatlarni amalga oshirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.