Valyuta kurslari 31/03/2026
$1 – 12210.71
UZS – 0,12%
€1 – 14036.21
UZS – -0,09%
₽1 – 150.36
UZS – 0,43%
Qidirish
Oʻzbekiston va Shveysariya iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga intiladi

Oʻzbekiston va Shveysariya iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga intiladi

Oʻzbekiston va Shveysariya iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga intiladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 30-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Shveysariya Konfederatsiyasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Konstantin Obolenskiy bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot chog‘ida tomonlar O‘zbekiston va Shveysariya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamda investitsiyaviy hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirishning strategik istiqbollarini atroflicha muhokama qildilar.

Muzokaralarda o‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlariga alohida e’tibor qaratildi.

2025-yil yakunlariga ko‘ra, mamlakatlar o‘rtasidagi savdo aylanmasi hayratlanarli darajada o‘sib, 84 foizga yuqoriladi va 591,4 million dollarni tashkil etdi. Bugungi kunda respublikamizda Shveysariya investorlari ishtirokidagi 114 ta korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Uchrashuv davomida Shveysariyaning yetakchi konsernlari bilan farmatsevtika, biotexnologiyalar, sanoatni avtomatlashtirish, energetika, geologiya va tog‘-kon sanoati hamda oziq-ovqat tarmog‘i kabi yo‘nalishlarda sheriklikni kengaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilab olindi.

2026-yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Toshkent xalqaro investitsiya forumiga ko‘rilayotgan tayyorgarlik masalasi kun tartibidagi muhim bandlardan biri bo‘ldi.

Tomonlar yangi investitsiyaviy tashabbuslarni taqdim etish maqsadida qator ixtisoslashgan tadbirlarni tashkil etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Muloqot yakunida uzoq muddatli hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish va yangi qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq etishga o‘zaro tayyorlik bildirildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling