Oʻzbekiston va Shvetsiya qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga koʻtaradi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov O‘zbekistonning Shvetsiyadagi elchisi Rahmatulla Nurimbetov bilan uchrashdi. Unda ikki davlat o‘rtasida qishloq xo‘jaligidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.
Shvetsiya ilg‘or agrar texnologiyalar, kooperativ boshqaruv va barqaror ishlab chiqarish modeli bilan tanilgan. Bu tajribani O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish bo‘yicha fikrlar bildirildi.
Xususan, chorvachilik, naslchilik, urug‘chilik va baliqchilik yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish zarurligi qayd etildi. Sovuqqa chidamli nasllar, seleksiya ishlari va toza yem ishlab chiqarish tajribasi o‘zbek fermerlari uchun ahamiyatlidir.
Shvetsiya kooperativ tizimining afzalliklari alohida ta’kidlandi. Bu tajribani bosqichma-bosqich joriy etish orqali fermerlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish mumkin.
Shuningdek, raqamli texnologiyalar, ayniqsa dronlar, avtomatlashtirilgan texnika va resurs tejamkor mexanizmlarni dalalarda qo‘llash haqida kelishuvlarga erishildi. Ilmiy almashinuv va mutaxassislar tayyorlashga oid takliflar ham ilgari surildi.
Uchrashuv yakunida ishchi guruh tuzishga va hamkorlik bo‘yicha muzokaralarni tizimli davom ettirishga kelishildi.