Oʻzbekiston va Shanghai LinkWise Data Intelligence IT sohasidagi hamkorlikni kengaytirishni muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Shanghai LinkWise Data Intelligence IT sohasidagi hamkorlikni kengaytirishni muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Kasimov “Shanghai LinkWise Data Intelligence” kompaniyasi raisi Wang Xuhui bilan uchrashdi.
“Shanghai LinkWise Data Intelligence” – korxona va davlat sektorlari uchun intellektual hisoblash infratuzilmasi, sun’iy intellekt (AI), katta ma’lumotlar (Big Data) va yuqori quvvatli data-markazlar yechimlarini taqdim etuvchi kompaniya hisoblanadi.
Muzokaralar chog‘ida kompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyati, xususan Qoraqalpog‘iston Respublikasida 300 MVt quvvatga ega ma’lumotlar markazini tashkil etish loyihasini amalga oshirish jarayoni hamda hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar qurilish ishlarini jadallashtirish va joriy yilning ikkinchi choragida dastlabki quvvatlarni ishga tushirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
Shuningdek, Xitoy tomoni O‘zbekistonga axborot texnologiyalari sohasidagi boshqa hamkor kompaniyalarni jalb etishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi. Bu esa zamonaviy raqamli infratuzilmani shakllantirish va mamlakatning yuqori texnologiyalar sektorini rivojlantirishga xizmat qiladi.