Oʻzbekiston va Serbiya iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Serbiya iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 19-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Serbiya Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — Iqtisodiyot vaziri Adriana Mesarovich bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash, xususan, ikki vazirlik o‘rtasidagi institutsional aloqalarni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Uchrashuv konstruktiv va ochiq muloqot ruhida o‘tdi.
Muzokaralar davomida o‘zaro tovar savdo aylanmasi hajmini oshirish, investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish hamda yangi texnologiyalarni joriy etish orqali sanoatni yuksaltirish istiqbollari alohida ko‘rib chiqildi.
Tomonlar, shuningdek, ikki mamlakatning turistik salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish hamda ushbu yo‘nalishda qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish muhimligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston–Serbiya biznes forumi faoliyatiga muvaffaqiyat tilandi hamda mazkur platforma ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi qayd etildi.