Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni Taraqqiyot Jamgʻarmasi ikki tomonlama investitsiya hamkorligini kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni Taraqqiyot Jamgʻarmasi ikki tomonlama investitsiya hamkorligini kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 23-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Saudiya Taraqqiyot jamg‘armasi bosh ijrochi direktori Sulton Al-Marshad bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlikning joriy holati va uni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Hamkorlik yillari davomida Jamg‘arma tomonidan O‘zbekiston Respublikasida sog‘liqni saqlash, ta’lim, ichimlik suvi ta’minoti va irrigatsiya, uy-joy qurilishi, shuningdek transport infratuzilmasi sohalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan loyihalar moliyalashtirildi.
Hozirgi kunda qo‘shma loyihalar portfeli umumiy qiymati 287,4 mln AQSh dollariga teng bo‘lgan 11 ta loyihani o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, umumiy qiymati 138 mln AQSh dollarini tashkil etuvchi ikki ustuvor loyiha - “Qoraqalpog‘iston Respublikasida arzon uy-joy qurilishi” hamda “Respublika avtomobil yo‘llaridagi shikastlangan ko‘priklarni rekonstruksiya va ta’mirlash” loyihalari ishlab chiqish bosqichida turibdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, ijtimoiy ahamiyatga ega tashabbuslarni amalga oshirish, shuningdek mamlakatning milliy rivojlanish ustuvor yo‘nalishlariga muvofiq ustuvor sohalarda hamkorlikni kengaytirishga o‘zaro qiziqish bildirdilar.