Oʻzbekiston va Sasol gaz-kimyo loyihalarini rivojlantirishni muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Sasol gaz-kimyo loyihalarini rivojlantirishni muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 15-mart kuni Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi ISSV vaziri Laziz Kudratov Janubiy Afrikaning “Sasol Limited” kompaniyasi ijrochi vitse-prezidenti doktor Sarushen Pillay bilan uchrashdi.
Muzokaralar davomida tomonlar gaz-kimyo va ko‘mir-kimyo sanoatida hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar. Suhbat joriy yil fevral oyida Keyptaun shahrida boshlangan muloqotning mantiqiy davomi ekani ta’kidlandi. Ko‘mir va tabiiy gazni chuqur qayta ishlash hamda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorlik bildirildi.
“Sasol” kompaniyasining Coal-to-Olefins (CTO) loyihasini amalga oshirishda hamda Uzbekistan GTL majmuasini yanada rivojlantirish doirasida texnologik hamkorlik qilish, jumladan ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va ilg‘or qayta ishlash texnologiyalarini joriy etishda kompaniya ishtiroki muhokama qilindi.
Sasol Limited - 1950-yilda tashkil etilgan Janubiy Afrika energetika va kimyo kompaniyasi. Kompaniyada qariyb 28,1 ming nafar xodim faoliyat yuritadi. Umumiy aktivlari taxminan $22 mlrd, 2024-yil yakunlari bo‘yicha daromadi esa $16,6 mlrd tashkil etadi. Kompaniya faoliyati 22 ta davlatni qamrab oladi, jumladan Janubiy Afrika, Mozambik, AQSH, Germaniya, Italiya va Slovakiyani.