Oʻzbekiston va Rossiya kompaniyalari investitsiya muhitini yaxshilash masalalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Rossiya kompaniyalari investitsiya muhitini yaxshilash masalalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2-aprel kuni O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Rossiyaning yirik kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad investorlarning mahalliy bozordagi faoliyati davomida yuzaga kelayotgan masalalarni tezkorlik bilan hal etishdan iborat bo‘ldi.
Muloqotda Magnit, Aqua-Products, Wildberries, Promomed, TCMT, Angren Pack, BCG GROUP OZ, Pipe Metal, Siberian Wellness kabi yetakchi korxonalar vakillari ishtirok etishdi.
Tomonlar ish jarayonining muhim jihatlari, jumladan, mahsulotlarni markirovka qilish, QQSni qaytarish, tariflar va infratuzilma masalalarini atroflicha muhokama qildilar. Uchrashuv yakunida investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha bildirilgan takliflarni amaliyotga tatbiq etish uchun mas’ullar biriktirildi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik barqaror sur’atlarda rivojlanmoqda. Oxirgi besh yil ichida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 5,7 milliard dollardan 13 milliard dollarga yetdi, qo‘shma korxonalar soni esa uch barobar ko‘payib, 3 200 tadan oshdi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 4,8 milliard dollarni tashkil etdi.
Hozirgi kunda ishlab chiqarish, agrosanoat majmuasi va farmatsevtika yo‘nalishlarida umumiy qiymati 43,9 milliard dollarlik qo‘shma loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.