Oʻzbekiston va Qoʻshma Shtatlar kosmik va IT sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlamoqda

Oʻzbekiston va Qoʻshma Shtatlar kosmik va IT sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlamoqda

Oʻzbekiston va Qoʻshma Shtatlar kosmik va IT sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlamoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari kosmik texnologiyalar va raqamli rivojlanish yo‘nalishlarida hamkorlikni mustahkamlab bormoqda. Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari sun’iy intellekt, raqamli infratuzilma va qo‘shma investitsiya loyihalarini o‘z ichiga oladi.

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov AQSh Eksport-import bankining biznesni rivojlantirish bo‘yicha katta mutaxassisi Jon An bilan uchrashuv o‘tkazib, ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi.

Uchrashuv davomida kosmik texnologiyalar, sun’iy intellekt, AT infratuzilmani rivojlantirish yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. O‘zbekistonning milliy kosmik dasturi, jumladan ilk sun’iy yo‘ldoshni uchirish rejalari, Yerning masofadan zondlash tizimlarini rivojlantirish hamda zamonaviy va barqaror raqamli infratuzilma yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tomonlar, shuningdek, qo‘shma loyihalarda AQSh mahsulotlari va xizmatlaridan foydalanish masalasini muhokama qilib, bunday tashabbuslarni tegishli moliyalashtirish talablari va mexanizmlari bilan uyg‘unlashtirish muhimligini ta’kidladilar.

O‘zbekiston tomoni mamlakatni mintaqaviy AT markaziga aylantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Jumladan, ixtisoslashgan markazlar tashkil etish, raqamli xizmatlar eksportini kengaytirish hamda xalqaro texnologik kompaniyalar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish yo‘nalishlari qayd etildi.

Ishtirokchilar O‘zbekistondagi kuchli inson kapitali, AT sohasining jadal rivojlanayotgani hamda startap ekotizimini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlarni alohida ta’kidladilar.

Uchrashuv yakunida tomonlar kosmik texnologiyalar, sun’iy intellekt va raqamli infratuzilma yo‘nalishlarida hamkorlikni yanada kengaytirish, shuningdek aniq investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma ishlarni davom ettirishga kelishib oldilar.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling