Oʻzbekiston va Qozogʻiston qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bugun O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Markaziy Osiyo davlatlari qishloq xo‘jaligi vazirlarining Toshkent shahrida o‘tayotgan yig‘ilishi doirasida Qozog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Yerbol Tasjurekov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, mavjud qo‘shma loyihalarning joriy holatini tahlil qilish hamda ularni kengaytirish bo‘yicha kelgusidagi rejalarga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar agrar sohada o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarni aniqlab, go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarish, parrandachilik, bog‘dorchilik, qayta ishlash sanoati hamda logistika tizimini takomillashtirish masalalarini atroflicha muhokama qildilar. Shuningdek, import-eksport hajmini oshirish, mahsulotlar sifatini oshirish va standartlashtirish borasida hamkorlik mexanizmlarini kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Uchrashuvda ikki mamlakat ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasida tajriba almashish, chorvachilikda innovatsion texnologiyalarni tatbiq etish, shuningdek, kadrlar tayyorlash va malaka oshirish sohalarida o‘zaro aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha takliflar bildirildi.
Tomonlar O‘zbekiston va Qozog‘iston agrar tarmog‘idagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda mintaqaviy oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda birgalikda harakat qilish muhimligini ta’kidladilar.