Oʻzbekiston va Qatar oliy taʼlim sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Samarqand shahrida YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi tadbirlari doirasida O‘zbekiston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ngirotboy Sharipov Qatar davlatining Ta’lim va oliy ta’lim vaziri Lolva bint Roshid Al-Xater bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokara chog‘ida ikki davlat o‘rtasida oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Xususan, Qatar talabalarining O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, kadrlar tayyorlash va malaka oshirish yo‘nalishlarida ilg‘or tajriba almashish muhimligi qayd etildi.
So‘nggi yillarda ikki mamlakat oliygohlari o‘rtasida ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasidagi o‘zaro manfaatli aloqalar faol rivojlanib borayotgani, ayniqsa, mutaxassislarni qo‘shma ravishda tayyorlash va ilmiy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston tomonidan qator muhim tashabbuslar ilgari surildi. Jumladan, talabalar almashinuvi dasturlarini yo‘lga qo‘yish, magistratura va doktorlik darajalarini qo‘shma tan olish mexanizmlarini ishlab chiqish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish va xalqaro konferensiyalarda ishtirok etishni rag‘batlantirish, qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy laboratoriyalar tashkil etish.
Shuningdek, ikki davlat oliygohlari o‘rtasida sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar, “yashil” iqtisodiyot va barqaror rivojlanish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, oziq-ovqat xavfsizligi va agrobiotexnologiya, neft-gaz sanoati va injiniring yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish taklif etildi.
Tomonlar ushbu tashabbuslar bo‘yicha yaqin vaqt ichida amaliy qadamlarni boshlashga kelishib oldilar.