Oʻzbekiston va Polsha mehnat migratsiyasi boʻyicha kelishuvni ishlab chiqadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Polsha O‘zbekistonga migratsiya sohasida Hukumatlararo Bitim tuzishni taklif qilmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayev hamda Polsha Respublikasi Senatining vitse-spikeri Mixail Kaminskiy o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda so‘z bordi.
Unda, O‘zbekiston fuqarolarini tashkiliy tartibda Polshaga yuqori maoshli ishlarga joylashtirish, salohiyatli ishchilarni o‘qitish va qayta tayyorlash, mavsumiy ishlar uchun maxsus dasturlar yaratish, viza olish tizimini yengillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
"Bugungi kunda aksariyat Yevropa davlatlari kabi Polshada ham demografik vaziyat tufayli ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyoj tobora ortib bormoqda. O‘zbekistonda esa iqtidorli yoshlar ko‘p va ularni xorijiy tillarga, talab yuqori kasblarga o‘rgatish tizimi juda yaxshi yo‘lga quyilgan",- dedi Mixail Kaminskiy
Uchrashuv yakunida, O‘zbekiston Hukumati va Polsha Hukumati o‘rtasida migratsiya sohasida Hukumatlararo Bitim loyihasini ishlab chiqishga kelishildi.