 
                            
                                Oʻzbekiston va Pokiston multimodal transportni rivojlantirishni muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, “Temiryo‘lkargo” AJ va Pokistonning SLG Trax Group Limited kompaniyasi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur uchrashuvda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida multimodal tashishlarni rivojlantirish, logistika salohiyatini oshirish va mintaqaviy tranzit hamkorligini kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Muzokaralar davomida tomonlar “O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston” transport yo‘lagining imkoniyatlarini baholadilar, yangi yuk oqimlarini jalb qilish, konteyner poyezdlarini yo‘lga qo‘yish, logistika xizmatlarini optimallashtirish va raqobatbardosh tashish narxlarini ishlab chiqish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, yuk harakatining uzluksizligi va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha amaliy fikrlar almashildi.
Tomonlar mintaqaning strategik ahamiyati, Janubiy Osiyo bozoriga chiqish imkoniyatlari va O‘zbekistonning logistik markaz sifatidagi ustunliklarini qayd etdilar. Uchinchi mamlakatlar orqali yo‘lga qo‘yiladigan multimodal servislarni rivojlantirish va bu borada yagona yondashuvlarni shakllantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
O‘zbekiston savdo-transport aloqalarini mustahkamlash, yangi logistika yo‘nalishlarini ochish va xalqaro yuk tashishlarning samaradorligini oshirishga qaratilgan ochiq va o‘zaro manfaatli hamkorlik siyosatini davom ettiradi.