Oʻzbekiston va Pokiston Gujranvalada boʻlib oʻtgan biznes-forumda investitsiya imkoniyatlarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Pokiston Gujranvalada boʻlib oʻtgan biznes-forumda investitsiya imkoniyatlarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Pokistonning Gujranvala shahrida O‘zbekiston–Pokiston biznes-forumi o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Gujranvala Savdo-sanoat palatasi (GSCP) vitse-prezidenti Jamal Saad boshchiligidagi tekstil, to‘qimachilik, metallurgiya, terini qayta ishlash, charm-poyabzal, yog‘ochsozlik sanoatida faoliyat yurituvchi Gujranvala, Gujrata va Sialkot shaharlaridan kelgan 70 dan ortiq tadbirkorlar qatnashdi.
O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev tashrif doirasida yurtimizda biznesni yo‘lga qo‘yish va yuritish borasida shakllangan muhit, xorijiy investorlar uchun to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, teri va junni qayta ishlash, metallurgiya, qurilish, yog‘ochsozlik yo‘nalishlarida taqdim qilinayotgan imtiyozlar, yaratilgan qulay sharoitlar, soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar, zamonaviy infrastruktura to‘g‘risida maʼlumot berdi. Shaxsan davlatimiz rahbari xorijiy investorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani taʼkidlandi va ularga taqdim etilayotgan kafolatlar haqida to‘xtalib o‘tildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy imkoniyatlariga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi.
Shundan so‘ng, tadbirkorlar ishtirokida alohida savol-javob sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Pokiston tadbirkorlarining O‘zbekiston hududlarida amalga oshirish uchun taklif etilayotgan investitsiyaviy loyihalarda ishtiroki muhokama qilindi. Shuningdek, sessiya ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga O‘zbekiston elchisidan javob oldi.
Gujranvala Savdo-sanoat palatasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunida 2026-yil fevral oyida metallurgiya, kimyo, to‘qimachilik, charm sanoatida faoliyat olib borayotgan kompaniyalar vakillaridan iborat nufuzli Pokiston delegatsiyasining O‘zbekiston hududlariga biznes-missiyasini tashkil etish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.
Safardan oldin, uning natijadorligini taʼminlash maqsadida doimiy muloqotni davom ettirish, O‘zbekiston tomoni bilan videokonferensiya shaklida uchrashuv o‘tkazish va unda mamlakatimiz hududlaridagi investitsiya loyihalari bilan tanishish, qo‘shma korxonalar tashkil etish maqsadida safar dasturini puxta ishlab chiqish va kun tartibini shakllantirish yuzasidan kelishib olindi.