Oʻzbekiston va Pokiston goʻsht savdosini kengaytirishni muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Pokiston goʻsht savdosini kengaytirishni muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Jamshidjon Abduzuxurov Pokiston Savdo vazirligi kotibi Javad Pol bilan video-konferens-aloqa shaklida muzokara o‘tkazdi. Unda ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot avvalida, 2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 326,9 million dollarni tashkil etgani e'tirof etildi. Tomonlar mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish orqali savdo hajmini yanada oshirish zarurligini ta’kidladilar.
Shuningdek, uchrashuvda go‘sht mahsulotlari savdosini kengaytirish istiqbollari alohida ko‘rib chiqildi. Xususan, Pokistonning O‘zbekiston go‘sht bozoridagi ulushini oshirish, eksport hajmini kengaytirish hamda logistika yo‘nalishlarini rivojlantirish masalalari muhokama markazida bo‘ldi.
Muzokaralar chog‘ida Pokistondan go‘sht eksporti uchun qulay quruqlik transport yo‘laklaridan foydalanish, shuningdek sovitilgan go‘sht mahsulotlarini havo transporti orqali yetkazib berish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar agrar savdo sohasidagi hamkorlikni izchil rivojlantirish, o‘zaro manfaatli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda kelgusida aloqalarni yanada faollashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.