Oʻzbekiston va Pokiston aviaqatnovlar va turizmni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Pokiston aviaqatnovlar va turizmni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) —
O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokistonning “Fly Jinnah” xususiy aviakompaniyasi rahbari Said Arman Yahya bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasida havo qatnovlari geografiyasini kengaytirish, o‘zaro sayyohlar oqimini oshirish va aviakompaniyalar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, xususan havo transporti orqali yuk tashishni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Co‘nggi yillarda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalari siyosiy aloqalardan tortib, savdo, investitsiya, sanoat kooperatsiyasi, turizm, madaniyat va taʼlim yo‘nalishlarigacha izchil rivojlanib borayotgani qayd etildi.
O‘zbekiston-Pokiston o‘rtasidagi savdo hajmini, turistlar oqimini oshirish, qo‘shma korxonalarni tashkil etish, O‘zbekistonda fuqaro aviatsiyasini yana-da rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan tizimli islohotlar va ushbu yo‘nalishda o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagida bo‘lgan xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar haqida aytib o‘tildi.
Said Arman Yahya “Fly Jinnah” aviakompaniyasi, uning kelgusi rejalari haqida so‘zlab berdi. Uning aytishicha, kompaniya 2022 yilda 6 ta havo kemasi bilan o‘z faoliyatini boshlagan. Joriy yil dekabr oyida aviakompaniya parki yana 2 ta zamonaviy samolyot bilan to‘ldiriladi. Kompaniya hozirgi vaqtda mahalliy yo‘nalishlardan tashqari, Saudiya Arabistoni va BAAning qator shaharlariga muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirmoqda.
– Parvozlar geografiyasini kengaytirish doirasida 2026 yilda 4 ta yangi yo‘nalishda muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtiryapmiz, – dedi u. – Shu maʼnoda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida havo transportida yuk tashuvlarini amalga oshirish, jumladan alohida yuk reyslari va LCL-xizmatlarini yo‘lga qo‘yish, mamlakatimiz orqali uchuvchi tranzit yo‘lovchilar uchun qulaylik yaratish va Toshkent shahrini mintaqaviy xabga aylantirish uchun yo‘lovchilar oqimini ko‘paytirish maqsadida O‘zbekiston aviakompaniyalari, xususan “Uzbekistan Airways” AJ bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishdan manfaatdormiz.
Uchrashuv yakunida, tomonlar muhokama qilingan masalalar bo‘yicha aloqalarni yana-da rivojlantirish va tegishli tashkilotlar bilan uchrashuvlar tashkil etishga kelishib oldi.