Oʻzbekiston va Palo Alto Networks strategik hamkorlik toʻgʻrisida kelishib oldilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov, Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov AQShda “Palo Alto Networks” kompaniyasining davlat siyosati va hukumat bilan hamkorlik bo‘yicha vitse-prezidenti Daniel Kroese bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar eng yaxshi xalqaro amaliyotlar va tajribalarni almashish, ma’lumotlarni xavfsiz saqlash, tahdidlarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha maslahatlar va treninglarni tashkil etish masalalarini muhokama qildilar.
Uchrashuvda yosh startap loyihalarini tekshirish va ularning xavfsizlik hamda texnologik standartlarga mosligini baholash masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv davomida sun’iy intellekt, avtomatlashtirilgan monitoring tizimlari, tahdidlarni aniqlash algoritmlari va zamonaviy shifrlash texnologiyalarini O‘zbekistonda tatbiq etish yo‘nalishlari ham ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va “Palo Alto Networks” o‘rtasida uzoq muddatli strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, kiberxavfsizlik bo‘yicha yangi dasturlarni joriy etish va mamlakatda innovatsion yechimlar hamda malakali kadrlar bazasini rivojlantirish bo‘yicha kelishib oldilar.