Oʻzbekiston va Ozarbayjon yetakchilari telefon orqali muloqot qildilar
Oʻzbekiston va Ozarbayjon yetakchilari telefon orqali muloqot qildilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-mart kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlat rahbarlari yaqinlashib kelayotgan Ramazon hayiti va Navroʻz bayrami munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, birodar xalqlarimizga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladilar.
Suhbatda Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yigʻilishida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston – Ozarbayjon strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Tovar ayirboshlash barqaror ortib borayotgani, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport, madaniy-gumanitar va boshqa ustuvor sohalarda qoʻshma kooperatsiya loyihalari ilgari surilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Tomonlar, shuningdek, Yaqin Sharqdagi vaziyatni muhokama qildilar. Uning yanada keskinlashishi keng mintaqa uchun oldindan aytib boʻlmaydigan oqibatlarga, jahon iqtisodiyoti retsessiyasiga olib kelishi mumkinligi, vaziyatni faqat siyosiy-diplomatik vositalar bilangina tez fursatda yumshatish zarurligi qayd etildi.
Boʻlajak ikki va koʻp tomonlama tadbirlar rejasi ham koʻrib chiqildi.
#Shavkat Mirziyoyev