Oʻzbekiston va Niderlandiya qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda

Oʻzbekiston va Niderlandiya qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda

Oʻzbekiston va Niderlandiya qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi direktori Ibrohim Ergashev Niderlandiya Qirolligi karantin xizmati vakili Lianna Kersbergen boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Muloqotda ikki davlat o‘rtasida o‘simliklar karantini va himoyasi sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, xalqaro savdoda fitosanitar xavfsizlikni ta’minlash hamda ilg‘or tajribalar almashinuvini kengaytirishga e’tibor qaratildi.

Niderlandiya tomoni fitosanitar nazoratda qo‘llanilayotgan zamonaviy yondashuvlar — xavflarga asoslangan nazorat tizimi, raqamli sertifikatlash (e-Phyto), chegara maskanlarida kinologiya xizmati, Markaziy fitosanitariya laboratoriyasi va ko‘chma laboratoriyalar hamda agrotahlillar o‘tkazishga mo‘ljallangan mobil laboratoriya  faoliyatini yuqori baholashdi.

Qolaversa, Markaziy eksport shtabida o‘tkazilgan uchrashuv davomida O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi eksportiga oid salohiyat bilan tanishdilar. Muloqotda mehmonlar mamlakatimizdan Niderlandiyaga meva-sabzavotlarni eksport qilish tarafdori ekanligi ma’lum qilishdi. Ayniqsa, mahalliy limon navlarining sifati va ta’mi alohida e’tirof etildi.

Shuningdek, muzokaralarda o‘simliklar salomatligi va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, eksportga mo‘ljallangan mahsulotlarni sertifikatlash va xalqaro bozorlarga chiqarish, urug‘lar importi va fitosanitar talablarni muvofiqlashtirish, olma va danakli mevalar bo‘yicha fitosanitar xavf tahlilini amalga oshirish borasida fikr almashishdi.

Niderlandiya agrar mahsulotlar eksporti bo‘yicha dunyoda yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi. Mamlakatdagi yondashuv yuqori texnologiyali qishloq xo‘jaligi, kuchli logistika va qayta eksport modeli bilan ajralib turadi. Shu bois kelgusidagi yaqin hamkorlik O‘zbekiston mahsulotlarining Yevropa bozoriga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.

2025-yilda O‘zbekistondan Niderlandiyaga 2,6 ming tonnadan ortiq meva-sabzavot eksport qilingan bo‘lsa, 2026-yilning aprel holatiga ko‘ra bu ko‘rsatkich 1,2 ming tonnaga yetgan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling