Oʻzbekiston va Niderlandiya qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda
Oʻzbekiston va Niderlandiya qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Urug‘chilikni rivojlantirish markazida xalqaro ahamiyatga ega uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Niderlandiya Qirolligining qishloq xo‘jaligi mutaxassisi Valstar Mariyen hamda Niderlandiyaning bog‘dorchilik bo‘yicha nazorat xizmati — Naktuinbouw vakillaridan iborat delegatsiya tashrifi mamlakatimiz urug‘chilik sohasini yanada rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Mazkur tashrif ikki davlat o‘rtasidagi ilmiy-amaliy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Uchrashuv davomida Markaz rahbari Shuhrat Otajonov mehmonlarga yurtimizda olib borilayotgan urug‘chilik siyosati, markazning asosiy vazifalari va istiqboldagi rejalari haqida atroflicha ma’lumot berdi. U o‘z nutqida urug‘chilik nafaqat qishloq xo‘jaligining asosi, balki oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdagi hal qiluvchi omillardan biri ekanini alohida ta’kidladi.
Shundan so‘ng, Niderlandiya (Naktuinbouw) Bog‘dorchilik bo‘yicha nazorat xizmati tashkilotida katta siyosat mutaxassisi Marco Hoffman Niderlandiyada urug‘chilik sohasida erishilgan yutuqlar haqida taqdimot o‘tkazdi.
Xususan, u “UPOV” tizimi doirasida olib borilayotgan ishlar, yangi navlarni himoya qilish va seleksiya jarayonlarini takomillashtirish borasidagi tajribalar bilan o‘rtoqlashdi. Ushbu tajriba mamlakatimiz uchun ham muhim ahamiyat kasb etib, zamonaviy yondashuvlarni joriy etishda muhim yo‘nalish bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Uchrashuv davomida respublikamizning turli hududlaridan kelgan sabzavotchilik sohasi olimlari tomonidan ham qator takliflar ilgari surildi. Xususan, sabzavot va poliz ekinlari urug‘chiligi bo‘yicha duragay navlar yaratishda o‘zaro hamkorlik qilish tashabbusi bildirildi.
Mazkur taklif mehmonlar tomonidan katta qiziqish va mamnuniyat bilan qabul qilindi, bu esa kelgusida qo‘shma loyihalar amalga oshirilishiga zamin yaratadi.
Mazkur uchrashuv nafaqat tajriba almashish, balki o‘zaro ishonchni mustahkamlash va yangi istiqbolli loyihalarni boshlash uchun muhim platforma bo‘ldi.
Niderlandiya tajribasini o‘rganish orqali yurtimizda urug‘chilik tizimini yanada takomillashtirish, raqobatbardosh navlar yaratish va qishloq xo‘jaligini yangi bosqichga olib chiqish imkoniyati kengaymoqda.