Oʻzbekiston va Monos Group kosmetika sanoatiga investitsiyalarni muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Monos Group kosmetika sanoatiga investitsiyalarni muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 8 aprel kuni Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov hamda Mo‘g‘ulistonning “Monos Group” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv konstruktiv va ishchan ruhda o‘tib, unda tomonlar o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari hamda uning istiqbolli yo‘nalishlarini atroflicha muhokama qildilar.
Uchrashuv davomida “Monos Group” kompaniyasi vakillari O‘zbekiston hududida kosmetik mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etishga qaratilgan investitsiya loyihasini amalga oshirishga yuqori qiziqish bildirdilar.
Mazkur tashabbus mamlakatda kosmetika sanoatini rivojlantirish, shuningdek, yangi ish o‘rinlarini yaratish nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Agentlik tomonidan investorlar uchun yaratilgan qulay investitsiya muhiti, amaldagi imtiyoz va preferensiyalar, shuningdek, investitsiya loyihalarini amalga oshirish jarayonida ko‘rsatiladigan har tomonlama amaliy yordam va qo‘llab-quvvatlash choralari haqida batafsil maʼlumot taqdim etildi.
Shu bilan birga, Agentlik loyihani barcha bosqichlarda - tashkiliy masalalardan tortib, to‘liq ishga tushirishga qadar tizimli ravishda hamrohlik qilishga tayyor ekanligini alohida taʼkidladi.
Muzokaralar yakunida tomonlar kelgusida amalga oshiriladigan ustuvor qadamlar yuzasidan fikr almashib, hamkorlikni amaliy bosqichga olib chiqish bo‘yicha o‘zaro anglashuvga erishdilar.