Oʻzbekiston va Malayziya qishloq xoʻjaligida raqamlashtirish va sunʼiy intellektni muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Malayziya qishloq xoʻjaligida raqamlashtirish va sunʼiy intellektni muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abduraxmonov Malayziyaning “Meraque Group” kompaniyasi asoschisi va bosh ijrochi direktori Rozali Ismoil bilan uchrashdi.
Muloqot doirasida agrar sohani raqamlashtirish, sun’iy intellektni ish jarayonlariga keng joriy etish va aniq dehqonchilik uchun gibrid platformalarni ishlab chiqish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Tomonlar O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirish, resurslardan oqilona foydalanish va raqamli xizmatlar ekotizimini rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirishdi.
Uchrashuvda, shuningdek, inson mehnatini yengillashtiradigan robototexnika yechimlari, dala monitoringida dronlardan foydalanish va algoritmlar asosida hosildorlikni prognoz qilish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ham fikr almashildi.
Mazkur uchrashuvda muhokama qilingan loyihalar mamlakatimiz agrar tarmog‘i uchun muhim ahamiyatga ega.
Mamlakatda qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, hosildorlikni oshirish va suv resurslarni tejash masalalari dolzarb bo‘lib turgan bir paytda, Malayziya bilan hamkorlikdagi gibrid platformalar va robototexnika yechimlari raqamli agroekotizimning shakllanishiga xizmat qiladi.