Oʻzbekiston va Malayziya farmatsevtika sanoati sohasidagi hamkorlikni muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil 5 noyabr kuni Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov va Malayziya delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Delegatsiya tarkibiga mamlakatning regulyator organi vakillari, shuningdek, tibbiy buyumlar sohasida faoliyat yuritayotgan 6 ta yetakchi kompaniya rahbar va mutaxassislari kirdi.
Muzokaralar davomida ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, farmatsevtika va tibbiy asbob-uskunalar yo‘nalishida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Malayziya tomoni O‘zbekistonda farmatsevtika va tibbiy mahsulotlar ishlab chiqarish sohasiga investitsiya kiritish imkoniyatlari, shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini Malayziya bozoriga eksport qilish istiqbollariga qiziqish bildirdi.
Uchrashuvda eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish, sifat standartlarini uyg‘unlashtirish va litsenziyalash jarayonlarini yengillashtirish borasida fikr almashildi.
Agentlik direktori tomonidan Malayziya delegatsiyasiga O‘zbekiston farmatsevtika sanoatining so‘nggi yillardagi rivojlanishiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi.
Prezentatsiyada farmatsevtika klasterlari, ilmiy-innovatsion loyihalar, xorijiy sarmoyalarni jalb etish va mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.
Uchrashuv yakunida delegatsiya uchun “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasteri bo‘ylab ekskursiya tashkil etildi. Mehmonlarga ishlab chiqarish infratuzilmasi, ilmiy laboratoriyalar hamda investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar namoyish etildi.
Uchrashuv samimiy va ishbilarmonlik muhitida o‘tdi hamda kelgusida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun yangi yo‘nalishlar belgilab olindi.