Oʻzbekiston va Latviya bizneslari logistika va sanoat sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar
Oʻzbekiston va Latviya bizneslari logistika va sanoat sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 5 mart kuni Toshkent shahrida Latviya delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida ikki mamlakat davlat idoralari va biznes vakillari ishtirokida O‘zbekiston–Latviya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Latviya Respublikasi transport vaziri Atis Shvinka hamda O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov ishtirok etdi.
Forum davomida savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, transport, logistika va sanoat sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, Latviya delegatsiyasining tashrifi doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida uchrashuv tashkil etildi. Unda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish, eksport-import operatsiyalarini rivojlantirish, logistika yo‘nalishlarini takomillashtirish hamda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur muloqotlar natijasi sifatida forum doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Latviya Ish beruvchilar konfederatsiyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Ushbu hujjat ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, biznes muloqotlarini faollashtirish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.
Tadbir yakunida ikki mamlakat kompaniyalari o‘rtasida B2B uchrashuvlari tashkil etilib, logistika, sanoat, qishloq xo‘jaligi va raqamli iqtisodiyot sohalarida qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.