Valyuta kurslari 05/12/2025
$1 – 11963.23
UZS – 0,43%
€1 – 13970.66
UZS – 0,7%
₽1 – 155.35
UZS – 1,28%
Qidirish
Oʻzbekiston va Latviya audit sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

Oʻzbekiston va Latviya audit sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

Oʻzbekiston va Latviya audit sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari R.Hakimov Latviya Respublikasi Davlat auditi idorasi rahbari Edgars Korchagins boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

 Uchrashuv avvalida mehmonlarga O‘zbekiston va Latviya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar, jumladan, parlamentlararo hamkorlikning so‘nggi yillarda barqaror rivojlanib borayotgani, Qonunchilik palatasi, uning qo‘mitalari va komissiyalari faoliyati, qonun ijodkorligi jarayonlari haqida atroflicha maʼlumot berildi.

 Muloqot chog‘ida E.Korchagins O‘zbekiston va Latviya o‘rtasidagi ishonchli va konstruktiv sheriklik munosabatlari mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni yana-da chuqurlashtirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilayotganini taʼkidladi. Shuningdek, u Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.

 Mehmon har ikki mamlakatning oliy auditorlik organlari vazifalari va tuzilishidagi o‘xshashliklarga to‘xtalib, shunday dedi:

 “Bizning auditorlik idoralarimiz ham Parlamentga hisobot beradi. Bosh auditor va kengash aʼzolari parlament tomonidan tayinlanadi”.

 Shu bilan birga, uchrashuvda Latviya Davlat auditi va O‘zbekiston Hisob palatasi o‘rtasidagi amaliy hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilgani, xususan, 2024 yilda o‘zaro muloqot yana-da faollashib Toshkentda o‘tkazilgan uchrashuvlar doirasida ikki tashkilot o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim hamda keyingi uch yilni qamrab oladigan Qo‘shma harakatlar dasturi imzolangani alohida qayd etildi.

 Muloqotda moliyaviy audit sohasida tajriba almashish, ushbu sohada qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, mavjud moliyaviy tizimning samaradorligini baholash va  boshqa yo‘nalishlarda ham hamkorlikni yo‘lga qo‘yish xususida so‘z yuritildi.

 Latviya delegatsiyasi rahbari O‘zbekistonda parlament va davlat boshqaruvi tizimida xotin-qizlarning roli va faolligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni ham yuqori baholadi.

 “So‘nggi yillarda jamiyatda xotin-qizlar o‘rni va nufuzini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Parlament aʼzolarining qariyb 40 foizini ayollar tashkil etishi, shuningdek, rahbarlik lavozimlarida xotin-qizlarning faolligi ortib borayotgani juda quvonarli holat. Biz bu borada sizlarning tajribangizdan o‘rganishimiz mumkin,” — dedi mehmon.

 Uchrashuv yakunida tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yana-da mustahkamlash, auditorlik sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, o‘zaro tajriba almashish va amaliy hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling