Oʻzbekiston va Koreya Respublikasi investitsiya hamkorligini kengaytirmoqda
Oʻzbekiston va Koreya Respublikasi investitsiya hamkorligini kengaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Kasimov boshchiligidagi delegatsiyaning Koreya Respublikasiga uyushtirgan tashrifi yakuniga yetdi.
Safarning so‘nggi kunida avtomobilsozlik, elektrotexnika, kimyo, farmatsevtika va turizm sohalaridagi 30 ta yetakchi kompaniya vakillari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.
Koreyalik hamkorlarga yurtimizning investitsiyaviy salohiyati namoyish etilib, ular joriy yilning 16–19-iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan 5-Toshkent xalqaro investitsiya forumiga taklif qilindi.
Koreya Eksport-import banki (KEXIM) bilan o‘tkazilgan muzokaralarda sog‘liqni saqlash sohasidagi DXSh loyihalari, jumladan, tez tibbiy yordam tizimini modernizatsiya qilish va tibbiy infratuzilmani yangilash masalalari muhokama qilindi.
Sanoat va texnologik hamkorlikni kengaytirish maqsadida bozor yetakchilari bilan manzilli uchrashuvlar o‘tkazildi. Xususan, DK Consultants kompaniyasi bilan DXSh mexanizmlari orqali zamonaviy tibbiy xizmatlarni joriy etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Daewoo E&C kompaniyasi bilan kechgan muloqotlar esa shaharsozlik va yirik infratuzilma obyektlarini barpo etishdagi strategik tashabbuslarni amalga oshirishga qaratildi.
Tashrif yakunlari har ikki tomonning ishbilarmonlik aloqalarini chuqurlashtirish hamda yangi yuqori texnologiyali ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirishga tayyorlik bildirildi.