Oʻzbekiston va Koreya markaziy banklari toʻlov balansi va kapital oqimlari boʻyicha qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazishga kelishib oldilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki delegatsiyasi ikki markaziy bank oʻrtasida amalga oshirilayotgan bilim almashinuvi dasturi doirasida oʻrta muddatli seminarda ishtirok etish uchun Koreya Markaziy bankiga tashrif buyurdi.
Seminarda Koreya Respublikasi Markaziy banki, Hongik va Dongguk universitetlari professorlari hamda O‘zbekiston Markaziy banki vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirda iqtisodiy siyosat, to‘lov balansi, kapital harakatlari va moliyaviy barqarorlik masalalari bo‘yicha fikr va tajribalar almashildi.
Shuningdek, ekspertlar tomonidan O‘zbekistonning joriy hisob balansi bo‘yicha iqtisodiy baholash modellari, valyuta inqirozining oldini olish choralari hamda mintaqaviy moliyaviy hamkorlik masalalari bo‘yicha tadqiqot natijalari taqdim etildi.
Tashrif doirasida Koreya Respublikasi Markaziy banki Raisi o‘rinbosari Min Su Kvon bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda Koreya tomoni bilan o‘zaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, Markaziy bankning tadqiqot salohiyatini oshirish, valyuta nazorati va xalqaro zaxiralarni boshqarish sohalarida tajriba almashishni kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, dasturning yakuniy bosqichini 2026-yil yanvar oyida Toshkent shahrida o‘tkazish yuzasidan kelishib olindi.