Valyuta kurslari 28/11/2025
$1 – 11902.30
UZS – 0,17%
€1 – 13780.48
UZS – 0,23%
₽1 – 152.18
UZS – 0,75%
Qidirish
Oʻzbekiston va Kanada yashil iqtisodiyot va raqamlashtirish sohasidagi hamkorlikni muhokama qilishdi

Oʻzbekiston va Kanada yashil iqtisodiyot va raqamlashtirish sohasidagi hamkorlikni muhokama qilishdi

Oʻzbekiston va Kanada yashil iqtisodiyot va raqamlashtirish sohasidagi hamkorlikni muhokama qilishdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 27-noyabr kuni Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Umid Abidxadjayev Kanadaning O‘zbekistondagi Elchisi Kristofer Daggan bilan uchrashdi. Muloqotda o‘zaro hamkorlikning amaliy yo‘nalishlari, jumladan, “yashil” iqtisodiyot, raqamlashtirish, investitsiya va xalqaro savdo bo‘yicha yangi imkoniyatlar muhokama qilindi.

Uchrashuvda, shuningdek, “Tashabbusli budjet” loyihasi orqali aholining budjet jarayonlaridagi ishtiroki, yoshlarning iqtisodiyotdagi o‘rni, raqamli xizmatlar va FinTech rivoji, ta’lim va demografik yo‘nalishdagi natijalar, “yashil” iqtisodiyot va energiya samaradorligi bo‘yicha pilot loyihalar, Kanada bilan texnologik hamkorlik imkoniyatlari hamda qo‘shma ishchi guruh tuzish kabi masalalar muhokama qilindi.

Elchi Kristofer Daggan O‘zbekistondagi keng ko‘lamli islohotlar, IT Park infratuzilmasi va raqamli ekotizimni yuqori baholab, Kanada kompaniyalari uchun energetika samaradorligi, “yashil” texnologiyalar, innovatsion qurilish va karbon neytrallik bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari mavjudligini bildirdi.

Tomonlar, ayniqsa, “yashil” iqtisodiyot bo‘yicha qo‘shma loyihalarni rivojlantirish, xususan, energiya tejamkor texnologiyalarni sinovdan o‘tkazish va pilot loyihalar asosida kengaytirish zarurligini ta’kidladi. O‘zbekistonda issiqlik nasoslari, ekologik toza sovutkichlardan foydalanish, “nol emissiya” binolarni qurish bo‘yicha bir nechta sinov loyihalari amalga oshirilayotgani, ularning natijalari asosida respublika miqyosida kengaytirish rejalashtirilayotgani qayd etildi.

Uchrashuv yakunida qo‘shma ishchi guruh tuzish taklifi ilgari surildi. Ushbu ishchi guruh ikki davlat kompaniyalari va ekspertlari o‘rtasida “matchmaking” — aniq ehtiyojlar va imkoniyatlarni moslashtirish, hamkorlik loyihalarini shakllantirish hamda pilot tashabbuslarni amaliyotga joriy etishga xizmat qiladi.

Kanada tomonidan Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonida O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlash davom ettirilishi bildirildi. Tomonlar o‘zaro manfaatli yo‘nalishlar bo‘yicha muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.

 

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling