Oʻzbekiston va Jahon banki qishloq xoʻjaligi va atrof-muhit sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Jahon banki qishloq xoʻjaligi va atrof-muhit sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 9-dekabr kuni Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish bo‘yicha mintaqaviy direktori Sameh Vahba hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Jahon bankining O‘zbekiston bo‘yicha dasturlar koordinatori Anastasiya Aleksandrova, Suv resurslarini boshqarish bo‘yicha yetakchi mutaxassis Azad Abdulhamid, Qishloq xo‘jaligi bo‘yicha katta mutaxassis Pyer Gerber hamda vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.
Muloqot davomida tomonlar mamlakatimizdagi makroiqtisodiy tendensiyalar, o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, amalga oshirilayotgan loyihalar va erishilayotgan natijalar hamda kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan muhokamalar olib borildi.
Jumladan, muhokamalar davomida tomonlar quyidagi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratdi:
Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda hamkorlikni kuchaytirish, sohada zamonaviy tajribalar asosida amalga oshirilayotgan loyihalar hamda innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish;
Suv resurslarini samarali boshqarish va irrigatsiya tarmoqlarini rivojlantirish, jumladan, kanallarni modernizatsiya qilish hamda sug‘oriladigan yer maydonlariga barqaror suv yetkazib berish;
Havo ifloslanishiga qarshi barqaror tizim shakllantirish, xususan, yashil infratuzilmani rivojlantirish hamda energiya samaradorlikni oshirish.
Muzokalar yakunida tomonlar hamkorlik aloqalari va fikrlar almashinuvi jarayonlarini kengaytirish hamda belgilangan maqsadlarga yetishda tizimli va samarali faoliyat olib borishga kelishib oldi.