Oʻzbekiston va Italiya qishloq xoʻjaligi sohasida hamkorlikni rivojlantirmoqda

Oʻzbekiston va Italiya qishloq xoʻjaligi sohasida hamkorlikni rivojlantirmoqda

Oʻzbekiston va Italiya qishloq xoʻjaligi sohasida hamkorlikni rivojlantirmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Italiya – Markaziy Osiyo (C5) + Ozarbayjon” xalqaro forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev hamda qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Italiya Respublikasi qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat suvereniteti va o‘rmon xo‘jaligi vaziri Franchesko Lollobrijida bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasida agrar sohada shakllangan hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, uni yangi bosqichga olib chiqish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma tashabbuslar asosida yangi loyihalarni amaliyotga tatbiq etish hamda Italiya tajribasini O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga joriy etish istiqbollariga alohida e’tibor qaratdilar.

Muloqot davomida ilm-fan va ta’lim yo‘nalishidagi hamkorlik aloqalari muhim yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etildi. Xususan, Italiyadagi nufuzli Tusha universiteti bilan hamkorlikning bugungi holati, qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy-tadqiqot loyihalarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Italiya tomoni mazkur tashrif doirasida 5 ta yetakchi universitet vakillari bilan kelganini ta’kidlab, ilm-fan sohasida hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga katta qiziqish bildirayotganini ma’lum qildi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligida mexanizatsiya darajasini oshirish, zamonaviy texnika va texnologiyalarni keng joriy etish, ishlab chiqarish samaradorligini ko‘tarish borasida Italiya tajribasidan foydalanish masalalari muhokama markazida bo‘ldi. Tomonlar bu yo‘nalishda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, innovatsion yechimlarni amaliyotga tatbiq etish orqali agrar sohani modernizatsiya qilish mumkinligini ta’kidladilar.

Uchrashuv davomida eksport-import aloqalarini kengaytirish, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va ularni xalqaro bozorlarga olib chiqish, shuningdek chorvachilik sohasida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish masalalari yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi.

Yakunda tomonlar o‘zaro hamkorlikni izchil rivojlantirish, aniq loyihalarni amalga oshirish va agrar sohada barqaror rivojlanishni ta’minlash yo‘lida hamkorlikda ishlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling