Oʻzbekiston va Isroil savdo va investitsiya hamkorligini kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Isroil savdo va investitsiya hamkorligini kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 29-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov O‘zbekiston Respublikasidagi Isroil Davlatining Favqulodda va Muxtor Elchisi Gideon Lustig bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston-Isroil savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorligining joriy holati hamda uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Ikki tomonlama savdoning ijobiy dinamikasi, shuningdek, uni yanada kengaytirish va diversifikatsiya qilish uchun mavjud salohiyat qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni faollashtirish va tegishli tuzilmalar o‘rtasida amaliy hamkorlikni rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.
Investitsiyalarni jalb etish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini, shuningdek, Isroil kompaniyalarining O‘zbekiston hududidagi investitsiya loyihalarida uzoq muddatli ishtirokini ta’minlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha yondashuvlarni ko‘rib chiqdilar.
Muzokaralar yakunida tomonlar amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash va ikki tomonlama kun tartibining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha konstruktiv muloqotni davom ettirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.