Oʻzbekiston va Hindiston Toshkent va Samarqandda biznes forumlarga tayyorgarlik koʻrmoqda
Oʻzbekiston va Hindiston Toshkent va Samarqandda biznes forumlarga tayyorgarlik koʻrmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev Hindiston savdo-sanoat palatalari federatsiyasi (The Federation of Indian Chambers of Commerce & Industry - FICCI) bosh direktori Jyoti Vij bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralar doirasida aprel oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilindi.
Elchi qo‘shma komissiyaning bo‘lajak yig‘ilishi doirasida Toshkent va Samarqand shaharlarida biznes-forumlar tashkil etishni taklif qildi. Ushbu tadbirlarda ikki mamlakatning yetakchi tadbirkorlari ishtirokini ta’minlash bo‘yicha birgalikda ish olib borish muhimligi ta’kidlandi.
Jyoti Vij FICCI Hindistonning nufuzli biznes-delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etishda ko‘maklashishga tayyorligini tasdiqladi.
Shuningdek, aprel oyining birinchi yarmida hind kompaniyalari hamda O‘zbekistonning manfaatdor vazirlik va tarmoq uyushmalari ishtirokida onlayn-uchrashuv tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
FICCI Hindistonning eng yirik milliy biznes-assotsiatsiyasi va mamlakat hukumatining asosiy sherigi hisoblanadi. Federatsiya faoliyatining asosiy yo‘nalishlari iqtisodiy siyosat va soliq qonunchiligi masalalarida hukumat bilan hamkorlik qilish, Hindistonni investitsiya yo‘nalishi sifatida targ‘ib qilish hamda B2B va B2G shakllaridagi xalqaro forum va uchrashuvlarni tashkil etishni o‘z ichiga oladi.
Federatsiya Hindistonning barcha shtatlari va iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarida faoliyat yuritadigan 250 mingdan ortiq kompaniyani birlashtiradi.