Oʻzbekiston va Gvineya taʼlim sohasida hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Samarqand shahrida boʻlib oʻtayotgan YUNESKOning 43-Bosh konferensiyasi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari Sardor Rajabov Gvineya Respublikasining YUNESKOdegi doimiy vakili Senkoun Silla bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Suhbat chogʻida ikki davlat oʻrtasida taʼlim, fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama etildi. Xususan, ikki mamlakat oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar oʻrnatish, talabalar va ilmiy xodimlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish, shuningdek, ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash sohasida hamkorlik imkoniyatlari koʻrib chiqildi.
Uchrashuvda shuningdek, “Study in Uzbekistan” milliy platformasi faoliyati va uning orqali xorijlik talabalarni Oʻzbekistonda tahsil olishga jalb etish masalalari ham muhokama qilindi. Gvineyalik yoshlarning Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarida oʻqishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, maʼlumotlar almashish va axborot-tahliliy hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan takliflar ilgari surildi.
Sardor Rajabov Oʻzbekistonda oliy taʼlim tizimini modernizatsiya qilish, innovatsion loyihalarni amalga oshirish va yosh avlodning ilmiy salohiyatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, u Gvineyaning yetakchi taʼlim va ilmiy muassasalari bilan oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, tajriba almashish hamda qoʻshma dasturlarni ishlab chiqish boʻyicha takliflarni ilgari surdi.
Oʻz navbatida Senkuun Silla Oʻzbekistondagi taʼlim va ilm-fan sohasidagi ijobiy oʻzgarishlarni yuqori baholab, Gvineya tomonidan ikki davlat oʻrtasidagi ilmiy-taʼlimiy hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanini taʼkidladi.
Uchrashuv yakunlariga koʻra, tomonlar taʼlim va fan sohasida, shu jumladan xorijlik talabalarni jalb etish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan amaliy qadamlarni belgilab oldilar.