Oʻzbekiston va Gollandiyaning Peterson & Control Union Yevropa Ittifoqiga meva-sabzavot mahsulotlari eksportini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Gollandiyaning Peterson & Control Union Yevropa Ittifoqiga meva-sabzavot mahsulotlari eksportini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 27-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida Niderlandiyaning Peterson & Control Union Group kompaniyasining EMEA mintaqasi (Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika) bo‘yicha direktori Udi Gubay bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda eksport bozorlarini diversifikatsiya qilish, mahalliy mahsulotlarni Yevropa Ittifoqi, AQSh va Yaponiya kabi “premium” bozorlarga olib chiqish, shuningdek, xorijiy bozorlarda o‘zbek mahsulotlarining barqaror milliy imijini shakllantirish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Uchrashuv davomida mamlakatning meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish va eksport qilish salohiyati, shuningdek, xalqaro sifat va sertifikatlash talablarini inobatga olgan holda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berish hajmlarini Yevropa Ittifoqi bozorida kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, Peterson & Control Union Group kompaniyasining O‘zbekistonda faoliyatini yo‘lga qo‘yish istiqbollari, jumladan, respublikada faoliyat yuritayotgan AgroLab laboratoriyasi negizida qo‘shma korxona tashkil etish bo‘yicha ehtimoliy loyihani amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.