Oʻzbekiston va Germaniya toʻqimachilik sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Germaniya toʻqimachilik sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 25-noyabr kuni ISSVda vazir o‘rinbosari Akram Aliyevning Textima kompaniyasi rahbari Xartmut Gerlof boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi hamkorlikning yuqori sur’atlarda rivojlanayotgani, 2024 yil yakunlariga ko‘ra ikki tomonlama savdo hajmi 1,2 mlrd dollardan oshgani ta’kidlandi.
Tomonlar sanoat rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan to‘qimachilik sohasida hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Uchrashuvda mamlakatda to‘qimachilik sanoatini chuqur modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani - ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish, korxonalarni qo‘llab-quvvatlash va zamonaviy texnologik yechimlarni joriy etish jarayoni izchil davom etayotgani qayd etildi.
Ushbu choralar tayyor mahsulotning jahon bozorlaridagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilmoqda. Germaniya tomoni olib borilayotgan islohotlarga yuksak baho berib, strategik loyihalarda faol ishtirok etish va O‘zbekistonning to‘qimachilik eksport salohiyatini oshirishga ko‘maklashishga istagini bildirdi.
Muzokaralar yakunida tomonlar qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishda o‘zaro tayyorlikni bildirdilar va amaliy hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.