Oʻzbekiston va Germaniya hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi

Oʻzbekiston va Germaniya hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi

Oʻzbekiston va Germaniya hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 10-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida vazir o‘rinbosari Akram Aliyev Germaniya tashqi savdo palatasining O‘zbekistondagi bosh direktori Malika Akramova hamda Germaniya-O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik byurosi direktori Noyobjon Ahmadjonov bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muzokaralar davomida tomonlar O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamda investitsiyaviy hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildilar. Shuningdek, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga yangi nemis kompaniyalarini jalb etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Germaniya-O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashining 10-yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish hamda uning doirasida Toshkentda o‘tkaziladigan “Germaniya iqtisodiyoti kunlari” tadbiriga alohida e’tibor qaratildi. Uchrashuvda o‘zaro ishbilarmonlik aloqalarini yanada kengaytirishdan har ikki tomon ham manfaatdor ekani tasdiqlandi.

2025-yil yakunlariga ko‘ra mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 13,2 foizga o‘sib, 1 427,7 million dollarni tashkil etdi, o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi esa 6,4 milliard dollarga yetdi. Hozirgi kunda O‘zbekistonda Germaniya kapitali ishtirokidagi 221 ta korxona faoliyat yuritmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling